So’nggi yangiliklar

01:23Начо Карвахаль ҳақида: "Замонанинг ва барча даврларнинг энг яхши ҳимоячиси"  1 00:35Гринвудга учта топ-клуб қизиқмоқда  1 23:55Депай "Атлетико"дан кетди  1 23:28Моуринью "Фенербахче"га икки юлдузни олиб келиши мумкин  1 23:00Рўзиқул Бердиев: "Бобир Абдихолиқов учун хурсандмиз"  11 22:52Ёрқин Назаров: "Ўзбекистондаги энг кучли жамоага қарши ўйнадик"  6 22:30БАА Про лигаси. "Шабаб Ал Аҳли" ўз майдонида рақиб дарвозасига 10та тўп киритди, Ғаниев эса...  2 22:28Александр Хомяков: "Вақт тиғизлиги туфайли U-21 жамоаси ўйинларига боролмаяпман"  20 22:25Максим Шацких: "Бутун стадион сизга қарши мухлислик қилса ҳам, профессионал сифатида ўз ўйинингизни ўйнашингиз керак"  13 22:01Флик "Барселона"га "Бавария" ўйинчисини олиб келмоқчи  6 21:30ҚПЛ. "Қайрат" ўз майдонида ғалабага эришди, Йўлдошев гол урди!  0 21:30Бобир Абдихолиқовнинг учта голи "Насаф"ни Суперлига пешқадамига айлантирди  56 21:00Ўзбекистон Суперлигаси. "Пахтакор" 4 йилдан сўнг Андижонда ғалаба қозонди  188 19:58Бобир Абдихолиқов деярли 4 йилдан сўнг Суперлигада гол урди  3 19:43Бруну Фернандеш бошқа клубга ўтиши мумкин  1

Akmal Xolmatov: "Yuriy Sarkisyan kabi murabbiyni boshqa ko'rmadim" Yangiliklar

Akmal Xolmatov: "Yuriy Sarkisyan kabi murabbiyni boshqa ko'rmadim"

Taniqli sobiq futbolchi, hozirda "Olimpik" klubining U-18 jamoasi bosh murabbiyi Akmal Xolmatov va "Neftchi" muxlislari o'rtasida onlayn muloqot tashkil etildi.

Mazkur jarayon savol-javob ko'rinishida o'quvchilar etiboriga havola etilmoqda.

- Akmal aka, "Paxtakor"ga o'tishingizga sabab nima bo'lgan?

- Birinchidan o'shanda "Paxtakor"ga o'tsam OCHLda o'ynashim mumkin edi. SHuningdek, toshkentliklar menga moliyaviy jihatdan ancha qulay oylik maosh taklif qilishgan. Bu savolga turlicha balandarvoz javob berishim ham mumkin edi, lekin to'g'risini aytishni maqul ko'rdim.

- Farg'onada "Paxtakor" tarkibida kelib "Neftchi" bilan o'yinning 5-daqiqasidayoq Yuriy Coy darvozasiga gol urgandingiz. O'shanda bosh murabbiy Yuriy Sarkisyan, shuningdek jamoa muxlislari ham sizdan qattiq ranjishgandi...


- To'g'ri, o'shanda o'zimda ham yomon hissiyotlar bo'lgan. Lekin bu futbol, qaysidir jamoa futbolchisi raqib safiga qo'shilsa, odatda o'zi shunaqa bo'ladi. Men darhol muxlislardan kechirim so'ragandim. Yuriy Sarkisyan yutqazishni yomon ko'radi, yani qabul qilishi o'ta og'ir kechadigan murabbiy. SHu sabab urgan golimdan so'ng jahli chiqqan. Lekin o'yindan so'ng o'zaro suhbatimiz yaxshi o'tgan.

- Farzandingiz Diyor Xolmatovning o'yiniga qanday baho berasiz? Agar unga "Neftchi"dan taklif tushsa kelishi mumkinmi?


- Diyorni "Paxtakor"dagi o'yinlarini ko'rib xursand bo'layapmiz. U hozirda Toshkent klubi azosi va jamoasi uchun astoydil harakat qilishi, yutuq va g'alabalarida o'z hissasini qo'shishi lozim. Men bu borada biron narsa deya olmayman, futbolda hamma narsa bo'lishi mumkin.

- Diyor Xolmatov O'zbekiston fuqarosimi?

- Ha, albatta. Diyor O'zbekiston fuqarosi.

- "Neftchi" sizga nimalar berdi, siz jamoaga nima bera oldingiz?


- "Neftchi" menga iqtisodiy jihatdan hamma narsa berdi. Uy-joy, oylik maosh va hok. SHuningdek, aynan "Neftchi" safida Akmal Xolmatov bo'lib tanildim. Men jamoaga nima bera oldim? Bu savolga ko'proq muxlislar javob berishga haqli, yani sizlar. Men jamoa uchun qo'limdan kelganicha harakat qildim, g'alabalariga o'z hissamni qo'shdim deb ayta olaman.




- Diyor Xolmatovga chaqiriq bo'lsa qaysi terma jamoada o'ynaydi?

- Diyor faqat O'zbekiston terma jamoasida o'ynaydi. O'z ustida yaxshi ishlasa, astoydil mehnat qilsa albatta O'zbekiston MTJdan chaqiruv oladi.

- Sizningcha, haqiqiy iqtidori bor bola kelajakda yaxshi futbolchi bo'la oladimi? Aytaylik, bunda uning moddiy imkoniyatlari ham muhimmi?


- Agar o'z ustida ishlasa albatta yaxshi futbolchi bo'ladi. Mashg'ulotlarda o'zini qiynamasa, harakat qilmasa ming iqtidori bor bo'lsa ham uzoqqa bormaydi. Moddiy imkoniyati? Men bu savolga birinchi bor duch keldim. O'z ustida ishlasa, iqtidori bor bo'lsa bu erda pulning o'rni hech qanday ahamiyatga ega emas.

- O'zbekiston MTJni xorijlik murabbiy Srechko Katanec qabul qilib oldi. Bu haqida fikringiz qanday?


- Men hozir bu borada hech narsa ayta olmayman, shuningdek ularning ishiga baho berishga haqqim yo'q. Biz hammamiz O'zbekiston MTJni jahon chempionatiga chiqishini istaymiz, umid qilamiz va muxlis sifatida qo'llab-quvvatlaymiz. Balki Srechko Katanecning kelgani yaxshilikkadir, aynan u terma jamoamiz jahon chempionatiga olib chiqar. Fikrimcha, uning kelgani to'g'ri bo'ldi.

- Nima deb o'ylaysiz, nega "Neftchi"dan ketgan futbolchilar Farg'onadagi kabi yorqin o'ynay olmagan?

- Fikrimcha, bu erda murabbiyning o'rni muhim bo'lgan. Yuriy Sarkisyan qanday ruhlantirishni bilardi. Bundan tashqari yangi jamoa, yangi muhit, adaptaciya jarayonining o'zi ham futbolchini ruhan sindirib qo'yishi mumkin deb o'ylayman.

- Kelajakda katta jamoalarni boshqarish niyatingiz bormi?

- Albatta bor. Hozir murabbiylik kurslarida o'qiyapman, boshqa murabbiylardan o'rganayapman. Kelajakda siz aytgandek katta murabbiy sifatida ishlash niyatim bor.

- Hozirgi "Neftchi" haqida fikringiz qanday? Jamoaning o'yinlarini ko'rib borayapsizmi?


- Hozirgi "Neftchi" haqida fikrim ijobiy. Jamoada yaxshi murabbiy va kuchli futbolchilar jam bo'lgan. Ilohim shu yili "Neftchi" Superligaga qaytsin, bunga barchamiz umid qilamiz. Hamma o'yinlarini emas, imkonim bor paytda "Neftchi" ishtirokidagi uchrashuvlarni ko'rib borayapman.

- Sizda qaysi davlat fuqaroligi bor?


- Menda faqat O'zbekiston fuqaroligi bor. Tojikiston terma jamoasida FIFAning maxsus xati asosida o'ynar edim, chunki o'sha erda tug'ilganman.

- Hozirda o'zbek futbolchilari jismonan kuchsizmi? O'yinlar davomida shifokorlar maydonga ko'p chiqishadi, bu haqida fikringiz qanday?


- Yo'q, unday emas deb o'ylayman.

Hozir futbol tez bo'lib ketdi. SHuning uchun maydonda jarohatlar ko'p bo'layapti. Tez futbolda xavfli xolatlardan o'zini olib qochish qiyin bo'ladi. Bu boradagi fikrim shunday.

- "Neftchi"da o'ynayotgan vaqtingizda "Paxtakor"dan boshqa Osiyo yoki Evropa klublaridan taklif olganmisiz?

- Yo'q, menda bunday takliflar bo'lmagan.

- Sizni "Paxtakor"ga kim taklif qilgan? Bunga Yuriy Sarkisyanning munosabati qanday bo'lgan?


- Meni "Paxtakor"ga Samvel Babayan taklif qilgandi. Ketishimdan oldin Yuriy Vazgenovich bilan bir oz tushunmovchilik xolati bo'lgan. Lekin keyinchalik bu tushunmovchilik barham topgan.

- O'zbekiston chempionatlarida siz ko'rgan eng kuchli legioner kim bo'lgan?


- SHaxsiy fikrimcha, "Paxtakor"da Boyan Miladinovich.

- Faoliyatingiz davomida eng yaxshi golingiz qaysi deb hisoblaysiz?


- Men uchun hamma gollarim birdek qadrli. Masalan "Neftchi"da o'ynagan vaqtimda jamoa uchun g'alaba keltirgan golni urgan bo'lsam, u eng yaxshisi. CHunki biz uchun jamoada g'alabasi urilgan gol eng yaxshi edi, uni kim kiritishining farqi yo'q bo'lgan.

- Farg'onaning boshqa jamoalari, yani "Turon" va "Qo'qon-1912" klublari haqida fikringiz qanday?


- Albatta fikrim ijobiy. Vodiyda futbolni juda yaxshi ko'rishadi. SHunday ekan, jamoalar soni qanchalik ko'p bo'lsa raqobat bo'ladi, o'sha xududda futbol yanada rivojlanadi.

- Futboldagi yaqin do'stingiz kim bo'lgan?


- Barcha futbolchilar birdek ahil oilamiz. SHu sababdan hamma futbolchilar mening yaqin do'stim hisoblanadi.



- Dunyo futbolida qaysi murabbiyni eng kuchli deb baholaysiz?


- SHaxsiy fikrim, hozirda "Manchestr Siti" bosh murabbiyi Gvardiolani eng kuchli deb hisoblayman.

- Yuriy Sarkisyan bilan uchrashib turasizmi?


- Ha, albatta. Yuriy Vazgenovichning uylariga borib turaman, telefonda ham gaplashib turamiz. Bayramlarda bir-birimizni tabriklaymiz, ilohim baxtimizga hamisha sog'-salomat bo'lsinlar.

- O'zbekistonda Sarkisyanning izdoshlarini ko'rayapsizmi?


- Izdoshlarini bilmadim, biron narsa deya olmayman. Lekin hozirga qadar Yuriy Vazgenovich kabi murabbiyni boshqa ko'rmadim.

- Futbolchilik faoliyatingizga qaytish imkoni bo'lganida nimani o'zgartirgan bo'lardingiz?


- Bilmadim. Fikrimcha "Neftchi"dan hech qachon ketmagan bo'lardim.

- Sizningcha, futbolchilik qiyinmi yoki murabbiylik?


- Albatta murabbiylik qiyinroq. Futbolchilikda masuliya faqat o'zingiz uchun bo'ladi. Murabbiylikda kamida 25 nafar futbolchi uchun javobgarsiz, ularning masuliyati sizning zimmangizda bo'ladi. Ikkisining farqi juda katta.

- Akmal aka, taklifimizni qabul qilib biz bilan muloqotda bo'lganligingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz.

- Sizlarga ham rahmat etibor uchun. Ilohim "Neftchi" bu yil Superligaga qaytsin, avvalgi kabi yutuqlarga erishsin. Jamoaga faqat omad va g'alabalar tilayman.


Onlayn muloqot jarayonidan matnlarni Bekzod Tolibov yozib oldi

Reyting: +32   

Fikrlar

championat.asia
Яндекс.Метрика